Yangiliklar
Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabida o‘tkazilgan Xalqaro adabiyot va kitobxonlik festivali
E’lon qilingan sana:

Adabiyot – millatning ruhi, uning ma’naviy xazinasi. Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabida o‘tkazilgan Xalqaro adabiyot va kitobxonlik festivali aynan mana shu ezgu haqiqatni yanada yorqinroq namoyon etdi.
✍️Festival doirasida el suygan shoir, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidovning “Yoshlik devoni” kitobi taqdimoti o‘zgacha ko‘tarinki va ilhomlantiruvchi ruhda bo‘lib o‘tdi.
💬Tadbir chegaralarni va dillarni tutashtirgan haqiqiy adabiyot bayramiga aylandi. Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Kengesboy Karimov hamda xalq shoirlari Usmon Azim va Xosiyat Bobomurodova kabi taniqli adabiyot namoyandalari ishtirok etib, yig‘ilganlarni samimiy qutladilar.
📚E’tiborlisi, ushbu ma’naviyat anjumanida AQSh, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Saudiya Arabistoni, Rossiya va Belarus kabi dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan kelgan mehmonlar va ijodkorlar qatnashdi. Bu esa o‘zbek she’riyati va Erkin Vohidov ijodi xalqaro miqyosda ham yuksak e’tirofga sazovor ekanligidan dalolat beradi.
⚡️Ijod maktabi jamoasi va iqtidorli o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar hamda she’rxonliklar barchaga unutilmas taassurot ulashdi. Yosh iste'dodlarning so‘zga bo‘lgan ehtiromi va mahorati adabiyotimiz kelajagi ishonchli qo‘llarda ekanligini yana bir bor isbotladi.
📚“Yoshlik devoni” – har bir avlod uchun bebaho tuhfa. Bunday xalqaro anjumanlar esa kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga hamda adabiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
