26.02.2025 01:40

XOTIRASI QALBIMIZDA YASHAYDI


XOTIRASI QALBIMIZDA YASHAYDI

 

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, shoir, uyushma a’zosi, “Shuhrat” medali sohibi Bahodir Iso 69 yoshida bu yorug‘ olamni tark etdi.
   Bahodir Isomov 1956-yilda Rishton tumanining Dutir qishlog‘ida tug‘ilgan. 1977-yildan Rishton tumanida o‘rta maktablarda o‘qituvchi, Madaniyat uyida rassom, tuman Ma’naviyat targ‘ibot markazi rahbari, viloyat hokimligining “Farg‘ona haqiqati” gazetasida adabiy xodim, Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabida tarbiyachi-pedagog, FarDU san’atshunoslik kafedrasida o‘qituvchi kabi vazifalarda mehnat qilgan.
 Bahodir Iso mamlakat adabiyotining darg‘alari nazariga tushgan shoirlardan. Uni O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Yo‘ldosh Sulaymon, O‘zbekiston davlat mukofoti laureati Laziz Qayumov, taniqli adabiyotshunos olim Ibrohim Gʻofurov o‘z “Oq yo‘l”lari bilan adabiyotga olib kirgan.
   U shoir, jurnalist sifatida tuman, viloyat, respublika gazeta va jurnallari orqali elga tanilgan. “Odamlar ichidan odam izladim” (2005), “Yaxshilar bor yaxshiyam” (2008), “Otam kutgan kunlar” (2013), “Muhammad Yusuf” (2014), “Kuy tili” (2015), “Qishloqdagi shoir” (2016) nomli she’riy to‘plamlari qo‘lma-qo‘l o‘qilib, zamonaviy o‘zbek adbiyotining durdonalari safidan joy oldi. 
   Shoir o‘zbek san’ati rivojiga ham munosib hissa qo‘shgan. Mamlakatimizdagi taniqli xonandalar tomonidan uning ko‘plab she’r va g‘azallari qo‘shiqqa aylantirilgan. Uning ko‘plab shogirdlari nufuzli tanlovlar g‘olibi bo‘lgan.
   Otashin shoir Bahodir Isoning yorqin xotirasi o‘zbek xalqi qalbida mangu yashaydi.